Qayta aloqa tizimlari faoliyatidagi qonunbuzilishi holatlari uchun ayrim vazirlik va hokimliklarga taqdimnoma kiritildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-noyabrdagi PF-200-son Farmoni bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga davlat organlari va tashkilotlarining qayta aloqa tizimi samaradorligi darajasini baholash vazifasi yuklatilgan.
Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida Agentlik tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida yo‘lga qo‘yilgan qayta aloqa tizimlarining samaradorligi darajasi, shuningdek, ishonch telefonlari faoliyatining sifati “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbiri orqali o‘rganib borilmoqda.
Bunday tadbirlar orqali qayta aloqa tizimining samaradorligi darajasi telefon qo‘ng‘iroqlarga o‘z vaqtida javob berilishi, aloqa raqamlari orqali ariza, taklif va shikoyatlar qoldirish imkoniyati yaratilganligi, shuningdek, murojaat etuvchilarga real vaqt rejimida o‘zlari masʼul bo‘lgan sohaga oid tushuntirish va yuridik maslahatlar berish mexanizmi joriy etilganligi baholanadi.
Jumladan, 2024-yil 10-16 yanvar kunlari davomida 21 ta vazirlik hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari masofaviy monitoring tartibida o‘rganildi.
O‘rganishlarda qator vazirlik va idoralarning rasmiy veb-saytlarda eʼlon qilingan idoraviy aloqa (ishonch telefonlari) raqamlari orqali bir necha bor bog‘lanishga harakat qilinganda, qo‘ng‘iroqlar javobsiz qoldirildi.
Ayrimlarida esa “Ishonch telefonlari xizmat faoliyati reglamenti”ga muvofiq, telefon qo‘ng‘iroqlarini qabul qilish uzluksiz (dam olish kunlarisiz) tunu kun 24/7 rejimida amalga oshirilishi to‘g‘risida maʼlum qilingan bo‘lsa-da, o‘rganish davomida mazkur aloqa raqamlari ishchi holatda emasligi aniqlandi.
Shu kabi qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida yuqoridagi kabi holatlar takrorlanishining oldini olish choralarini ko‘rish bo‘yicha 6 ta vazirlik (Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, Qishloq xo‘jaligi, Transport, Energetika va Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi) va 2 ta viloyat hokimligi (Andijon va Namangan viloyati hokimligi)ga taqdimnomalar kiritildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati